QASHQADARYO VILOYATI «AGROKIMYOHIMOYA» HUDUDIY AKSIYADORLIK JAMIYATI
Close
Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahar Jayxun ko'cha 43-uy
+998(78) 771-06-66 qashqadaryo@uzakh.uz
Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida 5 ta korxona tashkil etiladi.

Joriy yilning 20 iyulь kuni Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan paxta-to‘qimachilik klasterlar rahbarlari va fermerlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

“O‘zagrotexsanoatxolding” aktsiyadorlik jamiyati raisi N.Otajonov, qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjaev, Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi bosh direktori M.Boyquvvatov, akademik R.Matjonov, Toshkent davlat texnika universiteti professori A.Sadriddinov va boshqalar qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sanoati oxirgi yillarda achinarli ahvolga kelib qolgani, uni rivojlantirish uchun ko‘p vaqt va imkoniyatlar boy berilgani, bir paytlar ushbu tarmoqning maqtansa arzigulik tarixi bo‘lgani, bugungi kunda soha vakillari, olimlar oldiga qishloq xo‘jaligi mashinasozligini tubdan qayta tashkil qilish vazifasi qo‘yilganini ta’kidladi.

Tizimdagi korxonalar yiliga 26 ming dona texnika ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lsa-da, o‘tgan yili “O‘zagrotexsanoatxolding” korxonalari tomonidan 11,5 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarilgan xolos. Joriy yilning birinchi yarmida 3 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarildi va bu raqam o‘tgan yilgiga nisbatan 50 foiz kam.

“O‘zagrolizing” AJga joriy yilning olti oyida 2 ming 374 dona texnikaga buyurtmalar kelib tushgan, ularning ma’lum qismi bajarilmadi. Ichki bozorda yurtimizda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasining ulushi 80 foizni tashkil qilsa-da, mahalliylashtirish darajasi o‘rtacha 25 foizdan oshmayotir. Ishlab chiqarilayotgan texnika vositalari narxi ham xorijdagi boshqa turdosh korxonalarniki bilan raqobat qilolmaydi.

Muloqotda lokalizatsiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgani, ayni paytda hamkorlar bilan ushbu korxonalarni ishga tushirish yuzasidan izchil ish olib borilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda fermerning mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr-mulohazalari, takliflari e’tiborga olinadigan bo‘ldi. “Mirzakarimov Teshaboy” fermer xo‘jaligiga zamonaviy texnika sovg‘a qilindi. Fermer xo‘jaliklari va klasterlar “O‘zagrolizing” va “O‘zagromashservis” aktsiyadorlik jamiyatlari bilan texnikani lizingga berish va joylarda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar imzoladi.